Amaliy mexanikaning dolzarb muammolari ikkinchi xalqaro ilmiy konferensiyasi - AMDM-2025

;

Amaliy mexanikaning dolzarb muammolari xalqaro ilmiy konferensiyasi - AMDM-2025

;

Amaliy mexanikaning dolzarb muammolari (AMDM-2025) ikkinchi xalqaro ilmiy konferensiyasi  Samarqand davlat universitetida (Samarqand, O‘zbekiston) O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (O‘zR FA) va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etilmoqda.

Konferensiyaning asosiy maqsadi xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, so‘nggi ilmiy yutuqlarni muhokama qilish, hamda amaliy mexanika sohasida istiqbolli tadqiqot yo‘nalishlarini aniqlashdan iborat. Tadbir doirasida ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish, ularning oliy ta’lim tizimida qo‘llanishi bo‘yicha fikr almashish, shuningdek, yosh tadqiqotchilarni ilmiy faoliyatga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Konferensiya ilmiy dasturi muhandislik inshootlarida deformatsiyalanuvchi jismlar, turli muhitlar va suyuqliklar bilan bog‘liq murakkab jarayonlarni tahlil qilishga bag‘ishlangan. Muhokamalar tashqi tabiiy, seysmik, mexanik va boshqa omillar ta’sirida konstruksiya elementlarining kuchlanish-deformatsiyalanish holatini chuqurroq o‘rganishga qaratilgan. Ayniqsa, yerusti, yerosti va suvosti inshootlari bo‘yicha tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etib, bunda grunt mexanikasi, konchilik sharoitlari, geologik xususiyatlar va boshqa ekologik omillar hisobga olinadi.